Линклар

Шошилинч хабар
23 январ 2025, Тошкент вақти: 03:13

O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari qariyb 15 mlrd dollarga yetdi


Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

2024-yilda O‘zbekistonga yuborilgan pul o‘tkazmalari 14,8 milliard dollarni tashkil qildi.

Markaziy bank e’lon qilgan jismoniy shaxslar valyuta operatsiyalari bo‘yicha sharhga muvofiq, mamlakatga pul o‘tkazmalari 2023-yilga nisbatan 30 foizga yoki 3,4 milliard dollarga ko‘paygan.

Mablag‘larning 77 foizi Rossiyadan (11,5 milliard dollar) yuborilgan. Shu tariqa RFdan o‘tkazmalar 2023-yilga nisbatan 29 foizga ortgan. Yillik transfertlarning qolgan qismi Qozog‘iston (795 million dollar), AQSH (577 million dollar), Janubiy Koreya (534 million dollar), Turkiya (405 million dollar), Buyuk Britaniya (135 million dollar) va boshqa mamlakatlar hissasiga to‘g‘ri keladi.

2023-yil bilan solishtirganda, o‘tgan yilda O‘zbekistonga kelib tushgan transchegaraviy pul o‘tkazmalari hajmi Buyuk Britaniyadan 83 foizga, Janubiy Koreyadan 56 foizga, AQSHdan 35 foizga hamda Yevropa Ittifoqi mamlakatlaridan 32 foizga o‘sgan.

Regulyator 2024-yili O‘zbekistonga yuborilgan pul o‘tkazmalari hajmining 2023-yilga nisbatan o‘sishini mehnat migratsiyasi yo‘nalishida kuzatilgan ijobiy tendensiyalar, xususan, migrantlarni qabul qiluvchi mamlakatlarda iqtisodiy faollik, ishchi kuchiga talab va ish haqining oshishi hamda migratsiya geografiyasi tarkibida yuqori daromadli mamlakatlar ulushining ortishi bilan izohlangan.

Bir muddat oldin MB rahbariyati transchegaraviy pul o‘tkazmalarini O‘zbekistonda aholi daromadi o‘sishi hamda ichki valyuta bozorida muvozanatni ta’minlovchi asosiy omillaridan biri deb baholangandi.

Ozodlik avvalroq Rossiyada mehnat muhojirlariga nisbatan bosimlar kuchayayotgan paytda Markaziy Osiyo migrantlarining G‘arb davlatlarida ishlash imkoniyati oshayotganiga e’tibor qaratgan edi.

XS
SM
MD
LG