O‘zbekistonga safar qilgan Rossiya mudofaa vaziri Andrey Belousov Toshkentda o‘zbekistonlik hamkasbi Shuhrat Xolmuhamedov bilan ikki davlat mudofaa vazirliklari o‘rtasida 2026−2030-yillarga mo‘ljallangan harbiy sohada strategik sheriklik dasturini imzolagan.
Shuningdek, 2025-yilga mo‘ljallangan hamkorlik rejasi tasdiqlangan.
Bu haqda O‘zbekiston Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Vazirlikka ko‘ra, 2025 yildagi hamkorlik rejasi 50 ta qo‘shma tadbirni o‘z ichiga oladi.
Bu o‘tgan yil mayida Rossiya mudofaa vaziri etib tayinlangan Andrey Belousovning O‘zbekistonga ilk safaridir.
O‘zbekiston Qurolli kuchlari bosh shtabining sobiq boshlig‘i bo‘lgan Shuhrat Xolmuhamedov o‘tgan yil noyabrida DXX raisi lavozimiga tayinlangan Bahodir Qurbonov o‘rnini egallagandi.
O‘zbekiston 2012-yil dekabrida Rossiya yetakchiligidagi Kollektiv xafvsizlik shartnomasi tashkilotidagi ishtirokini to‘xtatgan, ammo Rossiya bilan ikki tomonlama yaqin harbiy aloqalarga ega.
Mamlakat harbiy va tashqi siyosat doktrinasi harbiy bloklarda ishtirok etishni taqiqlaydi.
Rasmiy Toshkent Rossiyaning Ukrainaga bosqini yuzasidan "neytral pozitsiyada" ekanini aytgan, ammo Toshkentdagi g‘arblik diplomatlar bu pozitsiya Moskvadan ko‘ra Ukrainaga nisbatan ko‘proq neytral ekaniga e’tibor qaratishgan.