G‘azodagi urushdan holdan toygan ko‘plab falastinliklar Isroil va HAMAS o‘rtasidagi otashkesimning uchinchi kunida vayronaga aylangan uylariga qayta boshladi.
Otashkesim 15 oylik urushdan so‘ng, yakshanba kuni HAMAS tomonidan garovga olingan dastlabki uch kishining topshirilishi va 90 nafar falastinlikning Isroil qamoqxonalaridan ozod etilishi bilan kuchga kirdi.
Endi e’tibor qirg‘oq hududini qayta tiklashga qaratilmoqda. Isroil harbiylari HAMASni yo‘q qilish maqsadida olib borgan kampaniyada bu hududni yakson qilgan edi. Bu HAMASning 2023-yil 7-oktyabrda Isroilga qilgan hujumiga javoban amalga oshirilgandi.
Ayrim g‘azoliklar hatto yashagan joylarini ham tanimay, bir necha oy boshpana topgan chodirlariga qaytishdi. Boshqalar esa uylarining vayronalariga qaytish uchun vayronalarni tozalashni boshladi.
"Biz uyni tozalayapmiz, vayronalarni olib tashlayapmiz, shuning uchun uyga qaytishimiz mumkin. Mana bular ko‘rpa-to‘shaklar, yostiqlar, uyda boshqa hech narsa qolmagan," deydi falastinlik ayol Valaa El-Err G‘azo markazidagi o‘nlab yillar oldin qurilgan Nusayrat qochqinlar lageridagi bombalangan uyida vayron bo‘lgan buyumlarini ko‘rsatib.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Uning aytishicha, o‘z mahallasiga qaytish hissi "ta’riflab bo‘lmas darajada" edi. U shanba kuni kechasi bedor bo‘lib, ertasi kuni otashkesim kuchga kirishini kutganini aytdi. Ammo tinchlik kelishuvi haqidagi xabar atrofidagi umidvorlik so‘nib bormoqda.
"Lagerga kirganimda ko‘zlarimga yosh keldi, chunki lagerimiz ilgari bunday emas edi, eng yaxshisi edi. Biz ketganimizda barcha minoralar va uylar hali ham butun, qo‘shnilardan hech biri halok bo‘lmagan edi," deya afsus bilan gapirdi u.
Hududning shimolida joylashgan G‘azo shahrida uch farzandning onasi Abla yakshanba kuni tinchlik kelishuvi amalga oshganiga ishonch hosil qilish uchun bir necha soat kutdi va Isroilning bombalari va quruqlikdagi hujumlari natijasida vayron bo‘lgan Tel Al-Hava tumanidagi uyiga yo‘l oldi.
Uning aytishicha, manzara "dahshatli" edi, chunki yetti qavatli bino yer bilan yakson qilingan, "pechenyeparchasidek ezib tashlangan" edi.
"Men hududga qattiq zarba berilganini va uyimiz yo‘q bo‘lib ketgan bo‘lishi mumkinligini eshitgan edim, lekin balki butun qolgandir degan umid ham yo‘q emasdi," dedi u Reuters'ga messenjer ilovasi orqali.
"Men topgan narsa shunchaki uy emas, balki xotiralar qutisi edi. U yerda bolalarim tug‘ilgan, ularning tug‘ilgan kunlarini nishonlaganmiz, ovqat pishirganman va ularga birinchi so‘zlari va harakatlarini o‘rgatgan edim," deydi u.
Ba’zilar uylarining vayronalari yoniga chodir tikishdi yoki vayron bo‘lgan uylarga ko‘chib o‘tishdi va qayta qurish qachon boshlanishini so‘rashmoqda.
BMT tomonidan shu oyda e’lon qilingan zararni baholash natijalariga ko‘ra, Isroilning bombalashidan qolgan 50 million tonnadan ortiq vayronalarni tozalash 21 yil davom etishi va 1,2 milliard dollargacha tushishi mumkin.
Eng yomoni, vayronalarning ba’zilari asbest bilan ifloslangan deb taxmin qilinmoqda, chunki 1940-yillardan beri G‘azodagi vayron bo‘lgan qochqinlar lagerlarining ba’zilari shu material bilan qurilganligi ma’lum.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
G‘azo sog‘liqni saqlash organlari ma’lumotlariga ko‘ra, mojaroda kamida 47 000 kishi halok bo‘lgan, vayronalar orasida yana minglab odamlarning jasadlari bo‘lishi mumkin.
BMTning Taraqqiyot dasturi hisobotida aytilishicha, G‘azodagi rivojlanish urush tufayli 70 yil ortga surildi.
"Ular (g‘azoliklar) uylariga qaytishlari mumkin... Buni uy deb atash biroz qiyin, chunki ular asosan, ayniqsa shimolda, vayrona uyumlarni topishmoqda. Shuning uchun ularga bu borada yordam kerak," dedi seshanba kuni Jenevada bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida BMTning Gumanitar ishlar bo‘yicha muvofiqlashtirish boshqarmasi matbuot kotibi Yens Lerke.
Jasadlar kavlab olinmoqda
Falastinlik qutqaruvchilar G‘azo aholisining uy vayronalari ostida va yo‘l chetlarida ko‘milgan qoldiqlarini qidirishni davom ettirdi. G‘azo fuqarolik favqulodda xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, bitim kuchga kirganidan beri kamida 150 ta jasad topildi.
Ijtimoiy tarmoqlarda chirib ketgan jasadlarning dahshatli tasvirlari tarqaldi. Bir necha oy oldin Isroil tanklari va buldozerlari tomonidan tekislangan Shejagiya qabristonida bir necha kishi qarindoshlari qabrlarini qidirib, yerni qaziyotgan edi.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
G‘azo shahridagi qabristonda Atif Jundiya shunday deydi: "Men otamning, akamning va akamning xotinining qabrlarini qidiryapman, lekin ularni topa olmayapman."
Jundiya Reuters agentligiga: "Biz o‘t ochish to‘xtatilganidan xursandmiz, lekin shu bilan birga, hali ham shahidlarimizni va ularning qabrlarini qidiryapmiz, ammo topa olmayapmiz," dedi.
Fuqarolik favqulodda xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, vayronalar ostida 10 mingga yaqin jasad qolgan. Xizmat vakillari taxminiga ko‘ra, bir necha oy davom etadigan qazib olish ishlari uchun og‘ir texnika va yer qazuvchi transport vositalarini jalb etish zarur.