O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vazirligi Qozog‘iston kartoshka eksportiga cheklov qo‘ygani ortidan mamlakatda ushbu mahsulot narxi oshib ketishi haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi.
“Mamlakatimizga kartoshka importi faqat Qozog‘iston Respublikasiga bog‘lanib qolmagan. Mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini diversifikatsiya qilish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash yuzasidan olib borilayotgan ishlar samarasi tufayli ayni paytda qo‘shni Qozog‘istondan tashqari Pokiston, Qirg‘iz Respublikasi va Afg‘on Islom Respublikalaridan ham kartoshka import qilish yo‘lga qo‘yilgan”, deyiladi bayonotda.
Vazirlik qaydicha, o‘zaro kelishuvga muvofiq, 2025-yil yanvar – may oylarida O‘zbekistonga Eron va Pokistondan 100 ming tonnadan jami 200 ming tonna kartoshka keltiriladi.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Vazirlik, shuningdek, Surxondaryo viloyatida yanvar oyida 7,5 ming gektar hamda fevral oyida barcha viloyatlarda (Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatidan tashqari) 28,5 ming gektar maydonda kartoshka ekilib, aprel oyida 70 ming tonna, may oyida 450 ming tonna hosil yetishtirilishiga ishontirgan.
Qayd etilishicha, O‘zbekistonning kartoshkaga bo‘lgan yillik talabi 4 million tonnani tashkil etadi. 2024-yilda 3,7 million tonna kartoshka yetishtirilgan. Hosilning 600 ming tonnasi keyingi mavsumda ekish uchun urug‘lik sifatida zaxira qilingan.
2024-2025-yil qish va bahor mavsumi uchun mahalliy hokimliklar tomonidan jalb qilingan tayyorlov korxonalari 245,5 ming tonna kartoshkani zaxiraga jamg‘argan.
Rasmiy bayonotda fuqarolarga “kartoshka narxi oshishi haqidagi bir tomonlama xabarlarga aldanib qolmaslik” uqtirilgan.
Ozodlik Qozog‘iston hukumati 18-yanvardan boshlab kartoshka eksportini olti oyga cheklagani haqida xabar bergandi. Bu qaror kartoshkaning, xususan, O‘zbekistonga eksport hajmi oshishi va narxi keskin ko‘tarilishi fonida qabul qilingan.
O‘zbekiston Statistika agentligi ma’lumotlariga qaraganda, 2024-yilning yanvar – noyabr oylarida O‘zbekistonga 627 ming tonna kartoshka import qilingan. Buning 74,2 foizi yoki 465,2 ming tonnasi Qozog‘iston hissasiga to‘g‘ri kelgan.